O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyda zamonaviy qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rgandi

UzDaily tahririyati · 10.07.2026 · 18:10 · 34 views
O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyda zamonaviy qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rgandi

O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyda zamonaviy qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rgandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning agrar oliy ta’lim muassasalari, qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillaridan iborat delegatsiya Xitoyning Shinjon (Xinjiang) hududida bo‘lib, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, qishloq xo‘jaligida raqamli yechimlar hamda yuqori hosilli ekinlarni yetishtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rgandi.

Tashrif Xitoy–Markaziy Osiyo hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Sanoat-ta’lim integratsiyasi orqali zamonaviy qishloq xo‘jaligini rivojlantirish” dasturi doirasida tashkil etildi. Dastur qishloq xo‘jaligi ta’limi va texnik almashinuvlar yo‘nalishida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish salohiyati bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Shinjon va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi madaniy almashinuvlar hamda xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan.

Delegatsiya Urumchi shahridagi Xinjiang Agricultural Vocational and Technical Universityda o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. Dastur universitet hamda Xitoy Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining (CAAS) G‘arbiy tadqiqot markazi hamkorligida tashkil etildi. G‘arbiy tadqiqot markazida amaliy seminarlar o‘tkazildi, Huier Agriculture korxonasida esa suv va o‘g‘itlarni integratsiyalash texnologiyalari bo‘yicha dala namoyishlari tashkil etildi.

Dastur beshta asosiy yo‘nalishni qamrab oldi: Internet of Things (IoT), Big Data va sun’iy intellekt kabi raqamli texnologiyalarni qishloq xo‘jaligida qo‘llash; Shinjon tajribasi asosida yuqori hosilli paxta yetishtirish; qurg‘oqchil hududlarda suv va o‘g‘itlardan samarali foydalanish texnologiyalari; qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va sifat nazorati; shuningdek, oliy ta’lim muassasalari hamda ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikka asoslangan ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi modellari.

“Mazkur o‘quv dasturi bizga zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini amaliy jihatdan o‘rganish va ularni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkonini berdi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar hamda suv va o‘g‘itlarni integratsiyalash bo‘yicha tajriba qurg‘oqchil hududlarimiz uchun katta ahamiyatga ega. Shu bilan birga, Xitoyda qo‘llanilayotgan ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi modeli agrar oliy ta’lim muassasalarimizda yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashda ilmiy bilim va amaliyotni uyg‘unlashtirish uchun samarali yechim bo‘lishi mumkin,” — dedi O‘zbekiston delegatsiyasi vakili.

Tashrif yakunida delegatsiya a’zolari o‘rganilgan tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish, yuqori hosilli ekinlarni yetishtirish, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Tashrif davomida orttirilgan bilim va amaliy tajribalar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda agrar tarmoqning iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanligini oshirishga xizmat qiladi.