«Oq bo‘ri» osmonda: Uzbekistan Airways O‘zbekistonning futbol Dreamliner‘ini taqdim etdi

«Oq bo‘ri» osmonda: Uzbekistan Airways O‘zbekistonning futbol Dreamliner‘ini taqdim etdi
 

«Oq bo‘ri» osmonda: Uzbekistan Airways O‘zbekistonning futbol Dreamliner‘ini taqdim etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 23 may kuni milliy aviakompaniya Uzbekistan Airways mamlakat tarixida ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus bezatilgan Boeing 787 Dreamliner samolyotini taqdim qildi.

Havo kemasi taqdimoti Uzbekistan Airways Technics hududida ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, aviakompaniya hamkorlari hamda futbol sohasi mutaxassislari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Aviakompaniya maʼlumotiga ko‘ra, mazkur loyiha milliy jamoani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli kampaniyaning bir qismi bo‘lib, O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga tarixiy yo‘llanmasi munosabati bilan amalga oshirildi.

Loyiha uchun GO UZBEKISTAN! shiori asosida maxsus servis mahsulotlari konsepsiyasi ishlab chiqildi. U vizual kompaniyaning asosiy elementiga aylandi.

Tashabbus doirasida aviakompaniyaning barcha samolyotlari brendlashtirilgan boshqo‘ygichlar bilan jihozlanadi. Shuningdek, Nyu-York reyslarida biznes va ekonom-klass yo‘lovchilari uchun maxsus safar to‘plamlari hamda bort kuzatuvchilari uchun tematik nishonlar tayyorlandi.

Samolyotning yangi dizaynidagi asosiy vizual timsol sifatida Oq bo‘ri obrazi tanlangan. U kuch, birlik va milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida talqin qilinmoqda.

Kompaniyada taʼkidlanishicha, samolyotni brendlashtirish ishlari xalqaro aviatsiya talablari va texnik standartlarga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, havo kemasi tashqi ko‘rinishiga maxsus ramzlarni joylashtirish tegishli kelishuv va texnik ruxsatnomalarni olishni talab qiladi. Chunki samolyot dizaynidagi har qanday o‘zgarish xavfsizlik, ekspluatatsiya va ishlab chiqaruvchi standartlariga muvofiqligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Mutaxassislar fikricha, bunday loyihalar sport, aviatsiya va madaniy ramzlar orqali milliy brendni shakllantirish hamda mamlakatni xalqaro maydonda targ‘ib qilishning muhim qismi hisoblanadi.

Uzbekistan Airways kompaniyasi O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, jamoaga jahon chempionatida omad tiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling