Oʻzbekistonda demografik barqarorlik muhokama qilindi

Oʻzbekistonda demografik barqarorlik muhokama qilindi

Oʻzbekistonda demografik barqarorlik muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 21-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda demografik barqarorlikni mustahkamlash: ma’lumotlar, dalillarga asoslangan siyosat va iqlim o‘zgarishiga doir chora-tadbirlarni uyg‘unlashtirish” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Tadbirda xalqaro tashkilotlar, davlat boshqaruvi organlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi. 

Seminar davomida demografik omillarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rejalashtirish tizimiga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi. Demografik ma’lumotlar va tahlillardan samarali foydalanish, shu jumladan, iqlim o‘zgarishi sharoitida dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishning muhim sharti ekani qayd etildi.

Kirish so‘zlarida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)  o`rtasida keng ko‘lamli hamkorliklar hamda amalga oshirilayotgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Vazirlikning demografik barqarorlik yo‘nalishidagi muvofiqlashtiruvchi roli alohida ta’kidlandi. Inson kapitalini rivojlantirish, xususan, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularga keng sharoitlar yaratish iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning muhim omillaridan biri ekani qayd etildi.

Tadbir doirasida demografik barqarorlik bo‘yicha yondashuvlar ko‘rib chiqildi hamda ularni milliy darajada qo‘llash mexanizmlari muhokama qilindi. Demografik jarayonlarni prognozlash va ularni siyosat, rejalashtirish hamda investitsiya jarayonlariga integratsiya qilish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Ushbu yondashuv bandlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya, migratsiya va infratuzilma yo‘nalishlarida muvofiqlashtirilgan choralarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Shuningdek, iqlim o‘zgarishi va demografik jarayonlarning o‘zaro bog‘liqligi masalalari ko‘rib chiqildi. Ushbu omillarning o‘zaro ta’siri mavjud xatarlar va rivojlanish imkoniyatlarini shakllantirishi ta’kidlandi. Integratsiyalashgan yondashuvlarni qo‘llash zarurligi qayd etildi.

Seminar yakunlari bo‘yicha tegishli yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish va tizimli ishlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling