Oʻzbekiston va Voltalia energetika loyihalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Voltalia energetika loyihalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "Oʻzbekiston energetika haftaligi" doirasida Energetika vazirligi va Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida energetika sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning bugungi holati, ularni jadallashtirish hamda mavjud masalalarni tezkor hal etish yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, Buxoro viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi hamda 100 MVt/200 MVt•soat energiya saqlash tizimini qurish loyihasi, shuningdek, Toshkent viloyatida quvvati 200 MVt/800 MVt•soat energiya saqlash tizimini barpo etish loyihasining amalga oshirish jarayonlari muhokama qilindi. Tomonlar Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tegishli bitimni imzolash masalasiga ham alohida to‘xtaldilar.
Shuningdek, Toshkent viloyatida quvvati 500 kVt bo‘lgan agrovoltaika quyosh elektr stansiyasini joriy yil iyul oyida ishga tushirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.