O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Malayziya qishloq xoʻjaligi taʼlimini kengaytirmoqda

UzDaily · 16.06.2026 · 13:20 · 25 views
Oʻzbekiston va Malayziya qishloq xoʻjaligi taʼlimini kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Malayziya qishloq xoʻjaligi taʼlimini kengaytirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Datuk Seri Hoji Muhammad bin Sabu boshchiligidagi delegatsiya Toshkent davlat agrar universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida universitet rahbariyati bilan agrar ta’lim, ilmiy-tadqiqot faoliyati, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda ikki mamlakatning oliy ta’lim va ilmiy muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Toshkent davlat agrar universiteti va Malayziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, Malayziya Qishloq xo‘jaligi tadqiqot va rivojlantirish instituti (MARDI) o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashdilar.

Uchrashuvda sholichilik, baliqchilik, akvakultura, iqlim o‘zgarishiga chidamli navlar seleksiyasi, suv tejovchi texnologiyalar, raqamli qishloq xo‘jaligi, sun’iy intellekt, dron texnologiyalari hamda “Aqlli qishloq xo‘jaligi” yechimlarini joriy etish sohalari hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Shundan so‘ng universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, talabalar hamda yosh tadqiqotchilari ishtirokida kengaytirilgan seminar tashkil etildi.

Seminar davomida Malayziya delegatsiyasi tomonidan mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar ilm-fanni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Talabalar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda Malayziya vaziri qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘p yillik tajribasi va Malayziyada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Muloqot jarayonida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qilib, vazirdan atroflicha javob oldilar. Ochiq va konstruktiv ruhda kechgan uchrashuv yakunida vazir Toshkent davlat agrar universiteti talabalarining qishloq xo‘jaligi sohasidagi bilim saviyasi hamda xorijiy tillarni puxta egallaganini yuksak baholab, ularning salohiyatini alohida e’tirof etdi.

UzDaily · 👁 25 views · 16.06.2026 · 13:20