Oʻzbekiston va Koreya guruch yetishtirishni raqamlashtirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida Koreya Respublikasining Makro qishloq xo‘jaligi siyosati bo‘limi Xalqaro qishloq xo‘jaligi hamkorligi markazi direktori Sanghyun Kim bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda institut direktori Abdullo Mansurov mehmonlarga institut faoliyati, sholichilik yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, yangi navlar yaratish, zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqish hamda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berdi.
Muloqotda sholichilikni raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, sholi yetishtirish jarayonidagi muammolarni oldindan aniqlash va prognozlash, ekinlar holatini masofadan monitoring qilish, agrotexnik tadbirlarni optimallashtirish hamda hosildorlikni bashorat qilish imkonini beruvchi zamonaviy raqamli platforma yaratish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot natijalarini raqamli ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, mutaxassislar va yosh olimlarning malakasini oshirish hamda ikki davlat olimlari o‘rtasida tajriba almashinuvini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar sholichilikda raqamli va innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab oldilar.