Oʻzbekiston va Avstriya turizm boʻyicha treninglarni boshlaydi

Oʻzbekiston va Avstriya turizm boʻyicha treninglarni boshlaydi

Oʻzbekiston va Avstriya turizm boʻyicha treninglarni boshlaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 7-may kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kasbiy taʼlim agentligi hamda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti (IMC Krems University of Applied Sciences) oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hujjatni  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori Ulugʻbek Xusainov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Kasbiy taʼlim agentligi hamda IMC Krems University of Applied Sciences raisi Xayns Boyer imzoladilar.

Memorandum mehmondoʻstlik, turizm menejmenti, mehmonxona boshqaruvi va servis sohalari uchun xalqaro standartlarga mos malakali kadrlar tayyorlash, taʼlim muassasalarining institutsional salohiyatini oshirish hamda kasbiy va oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan.

Hujjat doirasida Buxoro va Namangan shaharlaridagi mavjud professional taʼlim muassasalarini Avstriya–Oʻzbekiston qoʻshma tashabbusi asosida xalqaro mehmonxona boshqaruvi maktablariga aylantirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, avstriyalik ekspertlar ishtirokida konsalting va loyihalash ishlarini amalga oshirish, oʻzbekistonlik pedagog va mutaxassislar uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Tomonlar Hospitality Management yoʻnalishida Yevropa malaka ramkasi (EQF) talablariga muvofiq diplom va akademik dasturlarni ishlab chiqish, turizm va mehmondoʻstlik sohasida innovatsion yondashuvlarni joriy etish boʻyicha konferensiya, forum va simpoziumlar oʻtkazishga ham kelishib oldilar.

Memorandum uch yil muddatga tuzilgan boʻlib, uning ijrosi doirasida davlat idoralari, oliy taʼlim muassasalari, professional taʼlim tashkilotlari hamda soha vakillari oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling