Oʻzbekiston Senati koʻchmas mulk huquqlarini roʻyxatga olish islohotini maʼqulladi
Oʻzbekiston Senati koʻchmas mulk huquqlarini roʻyxatga olish islohotini maʼqulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi 15-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda aholining uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qurilgan ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish ishlarini yana-da jadallashtirish, vakolatli tashkilotlarning masʼuliyatini oshirish, huquqni eʼtirof etish bilan bog‘liq ayrim mexanizmlarni soddalashtirish, fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida”gi hamda “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunlarga huquqlarni eʼtirof etish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishga hamda huquqlarni eʼtirof etish ishlari bilan bog‘liq shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
So‘zga chiqqanlar taʼkidlaganidek, fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirilib, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi va shartlari joriy etilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun bilan kiritilayotgan normalar jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarini eʼtirof etishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.