Oʻzbekiston AD Ports Group bilan loyihalarni muhokama qildi

Oʻzbekiston AD Ports Group bilan loyihalarni muhokama qildi

Oʻzbekiston AD Ports Group bilan loyihalarni muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 19-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Birlashgan Arab Amirliklarining “AD Ports Group” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muzokaralar davomida tomonlar transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, port va omborxona infratuzilmasini takomillashtirish hamda Oʻzbekistonda qoʻshma investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda “AD Ports Group” kompaniyasining logistika aktivlarini boshqarish boʻyicha xalqaro tajribasini joriy etish hamda Oʻzbekistonda zamonaviy transport-logistika infratuzilmasini barpo etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar qoʻshma tashabbuslarni amaliyotga tezroq joriy etishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Shuningdek, IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tegishli hujjatlarni imzolash maqsadida aniq loyihalar ustidagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.

“AD Ports Group” - BAAning yirik tijorat portlari, erkin iqtisodiy zonalar, logistika va dengiz xizmatlarini boshqaruvchi yetakchi kompaniyasidir. 2025-yil yakunlariga koʻra, xoldingning sof foydasi 564 million AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, uning boshqaruvidagi aktivlar qiymati 18,9 milliard AQSH dollariga yetdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling