Namangan viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
Namangan viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “2026 yilda Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yana-da yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026–2027 yillarda 20 ta “chempion” tadbirkorlarni tanlab olib, korxonalarda mehnat unumdorligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi. Bunda:
Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan birgalikda ishlab chiqarishni maqbullashtirish va mahsulot tannarxini kamaytirishga qaratilgan tejamkor ishlab chiqarish (Lean Six Sigma) dasturi amalga oshiriladi;
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda “Kichik biznesga maslahat” dasturi doirasida barcha yo‘nalishlarda konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatish hamda bankning arzon moliyaviy mahsulotlarini ajratish bo‘yicha kelishuvlarga erishish nazarda tutiladi.
Namangan shahri Sharq tongi mahallasidagi Samarqand va Ko‘zagarlik ko‘chalari Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Zarqaynar ko‘chasi namunasi asosida milliy meʼmorchilik, hunarmandchilik anʼanalari va zamonaviy servisni o‘zida mujassam etgan “Eski shahar” turizm majmuasiga aylantiriladi.
2027/2028 o‘quv yilidan Yangiqo‘rg‘on tumani 2-sonli texnikum hamda Chortoq tumani 1-sonli texnikumda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan xizmat ko‘rsatish va turizm sohasida Yevropa andozalari asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Texnikumlarning 2 yillik kasbiy taʼlim dasturlarida o‘qitish davlat granti asosida amalga oshiriladi va bitiruvchilarga davlat namunasidagi kasbiy taʼlim to‘g‘risida diplom beriladi.