Namangan va Xitoyning Linyi o‘rtasida “Kelajak” sanoat zonasi masalasi muhokama qilindi
Namangan va Xitoyning Linyi o‘rtasida “Kelajak” sanoat zonasi masalasi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan shahridagi «Maʼrifat maskani» da Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Xitoy Xalq Respublikasining Shandun provinsiyasi, Lini shahridan tashrif buyurgan investor “LINYI LANSHAN INDUSTRIAL DEVELOPMENT GROUP” rahbari Zhu Chao bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Xitoylik tadbirkor tomonidan Namangan viloyatida xorijiy investorlarga xizmat ko‘rsatish markazi va yirik sanoat zonasini tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihalar taqdim etildi. Loyiha doirasida 100 gektar yer maydonida “Kelajak” deb nomlangan zamonaviy sanoat hududi barpo etilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur markaz xorijiy investorlarni qabul qilish, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish, davlat tashkilotlari bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish hamda tadbirkorlarga amaliy ko‘mak berish vazifasini bajaradi.
Viloyat hokimi xorijiy investorlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilishini taʼkidladi.
Muzokaralar chog‘ida Namangan viloyati hamda Lini shahri o‘rtasida hamdo‘st hududlar memorandumini imzolash masalasi ham muhokama qilindi. Tomonlar ushbu memorandum bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi.
Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyida Lini shahri merining Namangan viloyatiga rasmiy tashrifi kutilmoqda.
Mazkur hamkorlik Namangan viloyati iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar oqimini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.