Mirziyoyev sun'iy intellekt va birlashgan hududiy jamoalarni raqamlashtirish bo'yicha tashabbuslarni ilgari surdi

Mirziyoyev sun'iy intellekt va birlashgan hududiy jamoalarni raqamlashtirish bo'yicha tashabbuslarni ilgari surdi

Mirziyoyev sun'iy intellekt va birlashgan hududiy jamoalarni raqamlashtirish bo'yicha tashabbuslarni ilgari surdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiy davlatlar tashkilotining “Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi.

Turkiston shahrida boʻlib oʻtgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashilib, koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va amaliy sheriklikning ustuvor yoʻnalishlari atroflicha muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari nutqining avvalida Buyuk ipak yoʻlining muhim savdo va madaniyat markazi hisoblangan Turkiston shahrida norasmiy sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga tashakkur izhor etdi.

Shuningdek, TDTdagi samarali raisligi hamda tuzilmaning xalqaro nufuzini mustahkamlash yoʻlida amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari uchun Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga minnatdorlik bildirdi.

Turkiy dunyo integratsiyasi qardosh xalqlarimiz taqdiriga bevosita daxldor boʻlgan uzoq muddatli strategik masalaga aylanayotgani taʼkidlandi.

– Bugungi uchrashuvimiz jahonda turli ziddiyatlar tobora avj olayotgan davrga toʻgʻri kelmoqda. Xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi yanada kuchayib, global institutlarning oʻrni va taʼsiri borgan sari zaiflashmoqda. Bu muammolar bizdan oʻzaro muloqotlarni faollashtirib, muhim masalalar boʻyicha uygʻun pozitsiyalarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Soʻnggi yillarda Turkiy davlatlar tashkiloti barqaror rivojlanish surʼatlarini namoyish etayotgan nufuzli tuzilmaga aylandi. Jumladan, 2025-yilda davlatlarimiz umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshdi va uning dinamikasi global oʻsishdan ikki barobar yuqori boʻldi.

Oʻtgan yilning oʻzida Oʻzbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14 foizga oʻsdi. Joriy yildan Turkiy investitsiya jamgʻarmasi operatsion faoliyatini boshladi. Markaziy banklar kengashi, “yashil” moliyalashtirish boʻyicha Turkiy kengash ishi yoʻlga qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari oldinda koʻp qirrali munosabatlarga tizimli tus berish boʻyicha dolzarb vazifalar turganini qayd etdi. Qolaversa, sammitning sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish mavzusiga bagʻishlangani ham bejiz emas.

– Oʻlkalarimizda yashab ijod qilgan ulugʻ bobolarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshib, shu tariqa hozirgi sunʼiy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar. Biz ajdodlarimizning ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli taraqqiyot davrini barpo etyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz oʻz nutqida ushbu yoʻnalishda hamkorlikni rivojlantirish uchun bir qator aniq tashabbuslarni ilgari surdi.

Oʻzbekiston rahbari global texnologik jarayonlarni inobatga olgan holda tashkilot doirasida sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmogʻini shakllantirish lozimligini taʼkidladi. Mazkur tashabbus kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiy oʻsishning yangi nuqtalarini belgilashga xizmat qiladi.

Shuningdek, mintaqaviy maʼlumotlar almashinuvini taʼminlovchi “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va Toshkent shahrida TDT aʼzo davlatlarining Texnologiyalar forumini oʻtkazish taklif etildi.

Ilmiy-maʼnaviy merosni puxta oʻrganish va targʻib etish uchun Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaviy yirik ilmiy-maʼrifiy maskanga aylanib bormoqda. Shu kunlarda majmuada TURKSOYning ofisi ochildi.

– Ushbu markaz TURKSOY va Turkiy akademiya bilan tarixiy-madaniy manbalarimizni yagona “katta maʼlumotlar” platformasiga jamlasa, xalqlarimiz uchun foydali ish boʻlar edi, – dedi davlatimiz rahbari.

Sammitda Yassaviy tariqatining bagʻrikenglik va maʼrifatparvarlik gʻoyalarini hamkorlikda chuqur oʻrganish va keng targʻib etish taklifi ham berildi.

Yosh avlodni zamonaviy kasblarga tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi yuqori baholanmoqda. Prezidentimiz yoshlarning startap loyihalarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston va Qozogʻiston tomonidan tashkil etilayotgan Qoʻshma venchur jamgʻarmasiga aʼzo davlatlarni qoʻshilishga chorladi.

Yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida aʼzo davlatlar oʻrtasida “E-Permit” elektron ruxsatnomalar tizimi toʻliq yoʻlga qoʻyilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Strategik ahamiyatga ega boʻlgan oʻrta koridorni ayni paytda qurilayotgan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli bilan bogʻlash hamda bojxona maʼlumotlari almashinuvini toʻliq raqamlashtirish boʻyicha amaliy vazifalar belgilab berildi.

Iqlim oʻzgarishiga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlarni tashkil etish maqsadida 2027-yilni turkiy dunyoda “Tabiatni asrash yili” deb eʼlon qilish tashabbusi ilgari surildi.

Shu bilan birga, sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari asosida TDT iqlim xatarlarini monitoring qilib borish tizimini yaratish hamda qurgʻoqchilikni barvaqt aniqlash, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish jarayoniga sunʼiy intellektni tatbiq etish zarurligi qayd etildi.

Terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashishda mustahkam huquqiy va texnologik zamin yaratish maqsadida Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish boʻyicha Turkiy alyansni tuzish taklifi berildi.

Oʻzbekiston yetakchisi oʻz nutqi yakunida taʼkidlaganidek, intellektual salohiyat va birlikning uygʻunligi Turkiy dunyoni barqaror taraqqiyot va ilgʻor yechimlar makoniga aylantiradi.

Sammit yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling