O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Mirziyoyev matbuot xodimlarini kasb bayrami bilan qutladi

UzDaily tahririyati · 26.06.2026 · 18:51 · 32 views
Mirziyoyev matbuot xodimlarini kasb bayrami bilan qutladi

Mirziyoyev matbuot xodimlarini kasb bayrami bilan qutladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 iyun kuni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga tabrik yo‘lladi. Davlat rahbari murojaatida jurnalistlar hamjamiyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi choralarini eʼlon qildi hamda so‘nggi yillarda media sohasida erishilgan natijalarga to‘xtaldi.

Prezident taʼkidlashicha, bu yilgi Matbuot kuni alohida ahamiyatga ega. Chunki 2026 yilda jadid maʼrifatparvarlari tomonidan asos solingan ilk o‘zbek gazetasi — “Taraqqiy” nashr etilganiga 120 yil, mamlakatda ilk tajriba radioo‘zatishlari yo‘lga qo‘yilganiga esa 100 yil to‘lmoqda.

Mirziyoyev mamlakat media tarmog‘ining bugungi holatiga oid maʼlumotlarni ham keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonda qariyb 2700 ta ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda, ularning 67 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Nashriyotlarning 90 foizdan ortig‘i va poligrafiya korxonalarining 83 foizi ham xususiy sektorda faoliyat olib bormoqda. Joriy yilda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar oshdi. 15 mingga yaqin nomdagi kitoblar 60 million nusxadan ziyod tirajda chop etildi.

Murojaatda dipfeyk texnologiyalari tarqalishiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Prezidentning taʼkidlashicha, axborot oqimi keskin ortishi bilan birga soxta kontent yaratish texnologiyalari ham tobora keng tarqalmoqda. Shu munosabat bilan qisqa vaqt ichida 10 ming nafar yoshni qamrab olgan media taʼlim tizimi shakllantirildi.

Mirziyoyev jurnalistlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha choralar qabul qilinishini maʼlum qildi. Ular ommaviy axborot vositalari xodimlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish, mehnatini rag‘batlantirish, turar joy sharoitlarini yaxshilash va sog‘lig‘ini qo‘llab-quvvatlash choralarini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, davlat rahbari O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining rolini oshirish muhimligini taʼkidlab, kasb vakillarining huquqlarini himoya qilish va professional hamjihatlikni taʼminlash dolzarb vazifalardan biri ekanini qayd etdi.

Bundan tashqari, Prezident mamlakat bo‘ylab ilk bor uch oy davomida o‘tkazilib, 12 mingdan ortiq soha vakili, jumladan yosh jurnalistlarni qamrab olgan “Mediahaftalik” loyihasini davom ettirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Murojaat yakunida Shavkat Mirziyoyev bayram munosabati bilan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan soha xodimlarini tabrikladi hamda milliy ommaviy axborot vositalari davlat va jamiyat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik vazifasini bajarishida ularni shaxsan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidladi.