7
O‘zbekiston

Marko Rubio Trampning Markaziy Osiyoga tashrifini istisno etmadi

Marko Rubio Trampning Markaziy Osiyoga tashrifini istisno etmadi
Marko Rubio Trampning Markaziy Osiyoga tashrifini istisno etmadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH Davlat kotibi Marko Rubio prezident Donald Trampning Markaziy Osiyoga, jumladan, O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkinligini istisno etmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington bunday safarni tashkil etishdan manfaatdor va kelgusi yil davomida uning ehtimoliy muddatlarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, Rubio davlat rahbarining kelgusi ish jadvali haqida izoh bera olmasligini taʼkidladi.

Davlat kotibining qo‘shimcha qilishicha, Trampning o‘zi ham ish jadvali imkon bersa, mintaqaga tashrif buyurish istagini bildirgan.

Rubioning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bilan hamkorlik doirasida tomonlar ikki tomonlama masalalarning keng doirasini muhokama qilmoqda. U ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar, eng avvalo, kelishmovchiliklar yoki nizolarga emas, balki hamkorlik imkoniyatlariga asoslanishini qayd etdi.

Rubio, shuningdek, O‘zbekiston jadal rivojlanayotgani va aholi farovonligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini taʼkidladi. Uning aytishicha, Amerika kompaniyalari ushbu jarayonlarda ishtirok etishdan manfaatdor.

«Munosabatlarni hech narsa umumiy farovonlikchalik mustahkamlay olmaydi. Biz hamkorligimizni aynan shu asosda qurmoqchimiz», — deya xulosa qildi AQSH Davlat departamenti rahbari.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.