O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Malayziya Oʻzbekistonning agrokimyo va goʻsht sohalarini oʻrganmoqda

UzDaily · 16.06.2026 · 16:35 · 28 views
Malayziya Oʻzbekistonning agrokimyo va goʻsht sohalarini oʻrganmoqda

Malayziya Oʻzbekistonning agrokimyo va goʻsht sohalarini oʻrganmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Malayziya delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida mehmonlar mamlakatimizning agrosanoat va oziq-ovqat ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif dasturidan o‘rin olgan muhim manzillardan biri agrokimyo sanoati korxonalaridan sanaluvchi “Ifoda Agro Kimyo Himoya” qo‘shma korxonasi bo‘ldi.

Korxonada o‘tkazilgan taqdimot davomida delegatsiya a’zolariga ishlab chiqarish quvvatlari, xalqaro hamkorlik tajribasi, zamonaviy texnologiyalar hamda qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan innovatsion yechimlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Muloqot davomida Malayziya vakillari o‘z mamlakatida qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan mineral o‘g‘itlarga, ayniqsa kaliy va fosforli mahsulotlarga talab yuqori ekanini qayd etdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar agrokimyo, o‘g‘it ishlab chiqarish, ilmiy tadqiqotlar va investitsiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha muntazam hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Delegatsiyaning navbatdagi manzili Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan “Boyterak go'sht” MCHJ bo‘ldi. Mehmonlar korxonada chorva mollarini qabul qilishdan boshlab, karantin nazorati, veterinariya ko‘rigi, halol talablar asosida so‘yish, birlamchi qayta ishlash, sovutish va saqlashgacha bo‘lgan uzluksiz ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.

Korxonada yirik shoxli mollarni so‘yish, terisini ajratish, go‘shtni birlamchi qayta ishlash va mahsulot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha joriy etilgan zamonaviy nazorat mexanizmlari amalda namoyish etildi.

UzDaily · 👁 28 views · 16.06.2026 · 16:35