“Ishonch” jamgʻarmasining 43,5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyasi sogʻliqni saqlash sohasidagi ilk dastur doirasida belgilangan asosiy maqsadlarga erishdi
“Ishonch” jamgʻarmasining 43,5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyasi sogʻliqni saqlash sohasidagi ilk dastur doirasida belgilangan asosiy maqsadlarga erishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun “Ishonch” jamgʻarmasi o’zi moliyalashtirgan ilk loyiha doirasida erishilgan muhim natijalarni eʼlon qildi. Bu Oʻzbekiston va Shveytsariya hukumatlari oʻrtasidagi Restitutsiya (aktivlarni qaytarish) toʻgʻrisidagi bitimning ijro etilishida erishilgan yutuqlarni namoyish etadi.
UNICEF, UNFPA va JSST tomonidan amalga oshirilgan Onalik va perinatal parvarish boʻyicha loyihaga yoʻnaltirilgan 43,5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya “Ishonch” jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilgan ilk dastur boʻldi. Mazkur loyiha O‘zbekiston bo‘ylab onalar hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun sezilarli (o‘lchash mumkin bo‘lgan) ijobiy natijalarni ta’minladi.
Dastur doirasida mamlakat boʻylab 230 dan ortiq perinatal markaz modernizatsiya qilindi, 85 000 dan ziyod tibbiyot xodimlari oʻqitildi hamda milliy standartlar va protokollar yangilandi. Natijada 4 millionga yaqin aholi yaxshilangan tibbiy xizmatlar bilan qamrab olindi, shuningdek, qariyb 20 million Oʻzbekiston fuqarosiga tugʻruqdan oldingi parvarish boʻyicha hayotiy muhim maʼlumotlar yetkazildi.
“Ushbu dasturning yakunlanishi Oʻzbekistonga qaytarilgan aktivlardan butun mamlakat boʻylab odamlar uchun aniq samara beradigan tarzda qanday unumli foydalanish mumkinligini koʻrsatadi.”, — dedi BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori va “Ishonch” jamgʻarmasini boshqaruv qoʻmitasi aʼzosi Sabin Maxl. “Sogʻliqni saqlash infratuzilmasi, uskunalar va inson kapitaliga yoʻnaltirilgan investitsiyalar tufayli dastur ona va bola salomatligini muhofaza qilish xizmatlarini mustahkamlab, ushbu sohadagi milliy ustuvor vazifalarni amalga oshirishga hissa qoʻshdi”.
Uch yilga yetmagan vaqt ichida dastur doirasida hamda Jamgʻarma koʻmagida respublika boʻylab 230 dan ortiq perinatal markazning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Jumladan, ilgʻor inkubatorlar, sunʼiy nafas oldirish va anesteziya apparatlari kabi hayotni saqlab qoluvchi uskunalarni sotib olish uchun 30 million AQSH dollaridan ziyod mablagʻ yoʻnaltirildi. Mazkur jihozlar BMT Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) orqali global miqyosda xarid qilingan.
Muassasalarni uskunalar bilan taʼminlash barobarida, tibbiyot xodimlari onalar va yangi tugʻilgan chaqaloqlar oʻlimining oldini olish, ilgʻor perinatal parvarish hamda murakkab holatlarni boshqarish boʻyicha kasbiy koʻnikmalarini oshirish uchun maxsus treninglardan oʻtdilar. Dastur doirasida mamlakat boʻylab laboratoriya mutaxassislari oʻqitildi, korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar amalga oshirildi hamda homiladorlik davrida tibbiyot muassasasiga 8 ta profilaktik tashrifni targʻib qiluvchi milliy muloqot kampaniyasi qoʻllab-quvvatlandi. Natijada bugungi kunga kelib 49 ta klinik protokol ishlab chiqildi yoki yangilandi, shuningdek, 25 ta sogʻliqni saqlash muassasasi «Bola uchun doʻstona shifoxona» maqomiga ega boʻldi.
“Bugun biz 230 dan ziyod perinatal muassasalarda zamonaviy uskunalar va yaxshilangan tibbiy parvarish yo‘lga qo‘yilganining guvohi bo‘lib turibmiz”, — dedi UNICEFning Oʻzbekistondagi vakili Rehina Kastijio. “Ushbu markazlar Oʻzbekiston hukumati, Shveytsariya tomoni, mahalliy fuqarolik jamiyati va BMT hamkorlarining har bir ona hamda yangi tugʻilgan chaqaloqqa yuqori sifatli yordam koʻrsatish, ularning omon qolishi va rivojlanishi uchun eng yaxshi imkoniyatlarni yaratish borasidagi qatʼiy intilishini aks ettiradi”. Dasturni amalga oshirishga UNICEF, UNFPA va JSST bilan birgalikda rahbarlik qildi.
Keng koʻlamli kapital qoʻyilmalar hamda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan tizimli saʼy-harakatlar — jumladan, murakkab va muddatidan oldin tugʻruq holatlarini boshqarish boʻyicha maxsus klinik treninglar, laboratoriya salohiyatini mustahkamlash hamda onalar va chaqaloqlar oʻlimining oldini olish boʻyicha malaka oshirish tadbirlari — perinatal muassasalarda muhim natijalarni berdi. Dastlabki monitoring natijalariga koʻra, oldini olish mumkin boʻlgan onalar oʻlimi ulushi 2022-yildagi 77,3 foizdan 62,8 foizgacha (14,5 foiz bandga) kamaydi, yangi tugʻilgan chaqaloqlarning, ayniqsa vazni oʻta kichik boʻlgan goʻdaklarning omon qolish koʻrsatkichi esa dastur boshlanganidan buyon qariyb 13 foizga yaxshilandi.
“Dastur doirasida respublika bo‘ylab tug‘uruq majmualarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash, infratuzilmani yaxshilash hamda tibbiyot mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirish natijasida onalar o‘limi ko‘rsatkichi 5 foizga (2023-yildagi 15,9 dan 2025-yilda 10.9 gacha) kamaydi. Oldinda hali qilinadigan ishlar ko‘p bo‘lsa-da, bu natija O‘zbekistondagi ayollar uchun homiladorlik va tug‘uruq jarayonlari xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi haqiqiy siljishni anglatadi”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov.
“Dastur boshlanishidan oldin har toʻrtta onalar oʻlimidan uchtasidan koʻprogʻining oldini olish mumkin boʻlgan holat deb baholanardi. Bugun esa bu koʻrsatkich har uchta holatdan ikkitasidan ham kamroqqa tushdi. Hali oldinda qilinadigan ishlar koʻp boʻlsa-da, erishilgan bu natijalar Oʻzbekiston boʻylab ayollar uchun homiladorlik va tugʻruq jarayonini xavfsizroq qilish yoʻlidagi haqiqiy muvaffaqiyatdir.”, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Eldor Erkinovich Adilov.
Onalik va perinatal parvarish boʻyicha loyiha “Ishonch” jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilgan birinchi dastur boʻlib, u Oʻzbekiston va Shveytsariya hukumatlari oʻrtasidagi restitutsiya bitimi doirasida qaytarilgan aktivlar hisobidan aholi uchun muhim xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga hamda sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalariga investitsiyalar kiritish zanjirini boshlab beruvchi namunaviy model hisoblanadi.
“Noqonuniy orttirilgan aktivlarni restitutsiya qilish (qaytarish) Shveytsariya uchun ustuvor vazifadir. Buning uchun Oʻzbekiston hukumati va BMT bilan yaqin hamkorlikda “Ishonch” jamgʻarmasi tashkil etildi”, — dedi Shveytsariyaning Oʻzbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy. “Ishonamanki, ushbu loyiha mamlakatdagi deyarli barcha oilalarga qanday ijobiy taʼsir koʻrsatishi hamda aholining mazkur aktivlar qaytarilishidan qanday naf koʻrishiga yaqqol namuna boʻla oladi”.
“Ishonch” jamgʻarmasi Oʻzbekiston va Shveytsariya hukumatlari oʻrtasidagi restitutsiya bitimi asosida qaytarilgan aktivlardan Oʻzbekiston xalqi manfaati yoʻlida, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillariga muvofiq foydalanilishini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan. Mazkur jamgʻarma Oʻzbekiston, Shveytsariya, BMT va mustaqil fuqarolik jamiyati vakillari nazorati ostida milliy rivojlanish maqsadlariga erishish uchun BMT agentliklari tomonidan amalga oshiriladigan dasturlarni moliyalashtiradi.
“Korrupsiya — yoshlarimizning kelajagini o‘g‘irlash bilan barobardir. Biz “Ishonch” jamg‘armasi orqali ushbu adolatsizlikni tuzatib, kelajakni O‘zbekiston xalqiga qaytarmoqdamiz. Mazkur dastur doirasida qaytarilgan aktivlar zamonaviy tibbiy uskunalar va malakali tibbiyot xodimlari ko‘magida onalar hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishga yo‘naltirilmoqda. Bu esa sog‘liqni saqlash sohasidagi natijalarni yaxshilash va bolalar o‘limini kamaytirishga xizmat qiladi”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov.