INNOPROM bepul yurak diagnostikasini ishga tushirdi
INNOPROM bepul yurak diagnostikasini ishga tushirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "INNOPROM. Markaziy Osiyo" xalqaro sanoat ko‘rgazmasida CAEx Uzbekistan majmuasida yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va profilaktika qilishga qaratilgan ijtimoiy tashabbus boshlandi.
"Oʻzatom" agentligi va "Infarkt" jamg‘armasi ko‘magida ko‘rgazma hududida yurak-qon tomir tizimini tekshiruvdan o‘tkazishni istovchilar uchun mobil diagnostika majmuasi tashkil etildi.
Xayriya aksiyasi 20-22-aprel kunlari o‘tkaziladi va u quyidagi kompleks tekshiruvlarni o‘z ichiga oladi: EKG, yurak qon-tomirlari UTT (UZI), kompyuter tomografiyasi, glyukoza va xolesterin darajasi tahlili, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining yetakchi kardiolog hamda endokrinologlari maslahatlari.
Ushbu tashabbus Jizzax viloyatining Forish tumanida, bo‘lajak atomchilar shaharchasi hududida barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Loyiha zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani, jumladan, preventiv va diagnostika tibbiyoti elementlarini rivojlantirishga, shuningdek, hudud aholisining raqamli salomatlik xaritasini shakllantirishga qaratilgan.
Aksiya davomida Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Viktor Karankevichning tashrif buyurishi alohida e’tiborni tortdi, u mobil diagnostika majmuasi faoliyati bilan tanishdi va jamoat salomatligini mustahkamlash va kelajakdagi tibbiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarning ahamiyatini ta’kidladi.
Loyihaning asosiy maqsadi – yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfini erta aniqlash, diagnostika imkoniyatlarini oshirish va salomatlikka mas’uliyat bilan yondashish madaniyatini shakllantirishdan iborat.