Hindistonning Goldstar Group kompaniyasi Toshkentdagi zargarlik fabrikasiga 20 million dollar sarmoya kiritadi
Hindistonning Goldstar Group kompaniyasi Toshkentdagi zargarlik fabrikasiga 20 million dollar sarmoya kiritadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Hindistonning olmos va zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Goldstar Group” bilan O‘zbekistonda zamonaviy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha muzokaralar boshlandi.
Loyiha doirasida 20 mln AQSH dollari miqdoridagi investitsiyaning kiritilishi kutilmoqda. Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishning yillik quvvatini 10 tonnaga yetkazish hamda 70 foizidan ortig‘i mahalliy mutaxassislar bo‘lgan 100 nafardan ortiq ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilmoqda.
“Goldstar Group” 1962 yilda tashkil etilgan bo‘lib, olmosni saralash va sayqallashdan boshlab, tayyor zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va jahon bozorlariga yetkazib berishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjiriga ega. Kompaniyada 1 500 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi.
Kompaniyaning asosiy bozorlari AQSH, Yevropa, Avstraliya, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarini qamrab oladi.
Mazkur hamkorlik loyihasi sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda mahalliy zargarlik mahsulotlarining eksport salohiyatini yana-da oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.