Enco Group Toshkent viloyatida kabel ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi
Enco Group Toshkent viloyatida kabel ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi “Eltech Industrial” texnoparkida yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Enco Group” korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ohangaron tumani hokimi Bahromjon Norqobilov, Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksandr Ogorodnikov, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Abror Boyev, "Eltech Industrial" texnoparki direksiyasi, “Enco Group” kompaniyasi va uning O‘zbekistondagi hamkori - “Yuqori Chirchiq Energy Systems” korxonasi rahbariyati vakillari hamda xorijiy hamkorlar ishtirok etdi.
Mazkur loyiha Belarus Respublikasining “Energokomplekt” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. 21 gektar maydonda barpo etilayotgan ishlab chiqarish majmuasining umumiy qiymati qariyb 60 million AQSh dollarini tashkil etadi.
Korxona to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 25 ming tonna yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi hamda 600 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Loyihaning eksport salohiyati 300 million AQSh dollari miqdorida baholanmoqda.
Birinchi bosqich doirasida 10 million dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu bosqichda yillik eksport hajmi 140 million AQSh dollariga yetishi kutilmoqda.
Korxona mahsulotlarini Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya hamda MDH davlatlari bozorlariga eksport qilish rejalashtirilgan.
“Enco Group” korxonasining ishga tushirilishi mahalliy sanoatni rivojlantirish, import o‘rnini bosish va eksportbop yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.