Eldor Aripov: yaxshi qo‘shnichilik g‘oyalari yoshlar dunyoqarashining ajralmas qismiga aylanishi kerak
Eldor Aripov: yaxshi qo‘shnichilik g‘oyalari yoshlar dunyoqarashining ajralmas qismiga aylanishi kerak
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun Farg‘ona davlat universitetida “Yosh tinchlikparvarlarning chegaraoldi hamkorlik tashabbusi” xalqaro yoshlar seminari o‘z ishini boshladi. Tadbir Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan kelgan yosh yetakchilar, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini bir maydonda jamladi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun BMTning Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze, YEXHT Raisining muloqot va ishonchni mustahkamlash masalalari bo‘yicha maxsus vakili Serj Ryumin, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori Sabine Maxl, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev ishtirok etdi.
Ochilish marosimida nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov seminar Farg‘ona tinchlik forumi shafeligida tashkil etilayotgan ilk amaliy tadbir ekanini qayd etib, uning muhim ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Farg‘ona tinchlik forumi Farg‘ona vodiysi davlatlari o‘rtasida muloqot, ishonch va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi mintaqaviy maydon hisoblanadi. O‘tgan yil oktyabr oyida o‘tkazilgan forumning birinchi yig‘ilishi mintaqaviy hamkorlik tarixida muhim voqea bo‘lib, mintaqada uzoq muddatli va barqaror hamkorlik mexanizmlarini yaratishga bo‘lgan umumiy intilishni namoyon etdi.
E.Aripovning qayd etishicha, Farg‘ona tinchlik forumi doirasidagi ilk tadbir sifatida aynan yoshlar tashabbusi tanlangani ramziy ma’noga ega. Bu mustahkam tinchlik faqat davlatlar va xalqaro tashkilotlarning sa’y-harakatlari bilan emas, balki yosh avlodning dunyoqarashi orqali ham barpo etilishini anglatadi. Uning ta’kidlashicha, tinchlikning bardavomligi yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va hamkorlik g‘oyalari yangi avlodning hayotiy qarashlari va qadriyatlarining ajralmas qismiga aylanishiga bevosita bog‘liq. “Ana shundagina tinchlik siyosiy deklaratsiya bo‘lib qolmay, hayotiy voqelikka aylanadi”, — dedi Eldor Aripov.
SMTI direktori Farg‘ona vodiysi bugungi kunda mintaqada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarning yaqqol timsoliga aylanganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, yaqin o‘tmishda ushbu hudud yopiq chegaralar, cheklangan aloqalar va o‘zaro ishonchsizlik bilan bog‘liq holda tilga olinardi.Bugungi kunda esa aholi ochiq chegaralar, savdo hajmining ortishi hamda gumanitar aloqalarning kengayishi natijasida yuzaga kelayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Avvallari keskinlik manbai sifatida qaralgan hudud bosqichma-bosqich hamkorlik, taraqqiyot va yangi imkoniyatlar makoniga aylanib bormoqda.
SMTI direktori erishilgan yutuqlar Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi, uzoqni ko‘zlagan strategik qarashlari va pragmatik yondashuvga asoslangan yetakchiligi samarasi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi ijobiy o‘zgarishlarning asosida sheriklik, yaxshi qo‘shnichilik va birgalikdagi rivojlanishni ustuvor deb biluvchi mintaqaviy hamkorlikning mutlaqo yangi falsafasi mujassam.
Bu borada Eldor Aripov o‘tgan yil mart oyida Xo‘jandda imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma tarixiy burilish yasaganini qayd etdi. Uning fikricha, ushbu kelishuvlar O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilikning yangi bosqichiga mustahkam zamin yaratib, mintaqadagi o‘zaro ishonch va hamkorlikning ortga qaytmas tus olganini tasdiqladi.
Ekspertning fikricha, mintaqaviy hamkorlikning yangi falsafasi bugun xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Buni joriy yil may oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash” to’g’risidagi rezolyutsiyasi yaqqol tasdiqlaydi. Bundan tashqari, Qirg‘iziston tomonidan Tojikiston va O‘zbekiston bilan birgalikda ilgari surilgan “Chegaraviy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish” to’g’risidagi BMT rezolyutsiyasi ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
Eldor Aripov har ikki rezolyutsiyani birlashtirib turuvchi asosiy g‘oya Markaziy Osiyoda tinchlik va taraqqiyot hamkorlik orqali ta’minlanishi lozimligidan iborat ekaniga e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bugungi kunda ushbu yondashuv siyosiy deklaratsiyalar doirasidan chiqib, aniq kelishuvlar, qo‘shma loyihalar hamda mintaqaning millionlab aholisi uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlarda o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
“Shu bois Markaziy Osiyo tobora ko‘proq o‘zaro ishonch, siyosiy iroda va yaxshi qo‘shnichilik murakkab tarixiy merosni umumiy kelajak poydevoriga aylantirishga qodir ekanini namoyon etuvchi namuna sifatida e’tirof etilmoqda”, — dedi SMTI direktori.