CAMCE bilan hamkorlikda Toshkentda yangi reabilitatsiya markazi quriladi
CAMCE bilan hamkorlikda Toshkentda yangi reabilitatsiya markazi quriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — V Xalqaro Toshkent investitsiya forumi va uning doirasida o‘tkazilgan Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi, ochiq iqtisodiyot tamoyillari hamda investitsiyalarni jalb etish borasidagi izchil islohotlari yuksak e’tirof etilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bugungi kunda Xorijiy investorlar kengashi oddiy maslahat mexanizmidan Yangi O‘zbekiston va jahon investitsiya hamjamiyati o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikka, amaliy islohotlar maydoniga aylandi. Kengash ishtirokchilari sonining 54 tadan 85 taga yetgani mamlakatimizga bo‘lgan ishonch va qiziqish tobora ortib borayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Forum doirasida Xitoyning CAMCE (China CAMC Engineering) korporatsiyasi boshqaruvi raisi janob Van Bo bilan uchrashuv o‘tkazdik.
Muloqot davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zamonaviy reabilitatsiya markazi hamda adaptiv sport turlarini rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildik. Mazkur tashabbuslar ijtimoiy himoya tizimida inklyuziv muhitni kengaytirish va reabilitatsiya xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Hamkorlikning amaliy bosqichga o‘tayotgani, loyihalarni samarali amalga oshirish va muvofiqlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdik. Uchrashuv yakunida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorligimizni yanada mustahkamlash va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim asos yaratadi.
Ishonchim komilki, Toshkent investitsiya forumi doirasida erishilayotgan bunday kelishuvlar va yangi hamkorlik loyihalari nafaqat iqtisodiy taraqqiyotga, balki aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish va inson kapitaliga investitsiyalarni kengaytirishga ham xizmat qiladi.