O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Belarus Bosh vaziri qishloq xo'jaligi ko'rgazmasiga tashrif buyurdi

UzDaily · 17.06.2026 · 10:20 · 36 views
Belarus Bosh vaziri qishloq xo'jaligi ko'rgazmasiga tashrif buyurdi

Belarus Bosh vaziri qishloq xo'jaligi ko'rgazmasiga tashrif buyurdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridagi CAEx majmuasida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin ko‘rgazmaga tashrif buyurib, O‘zbekistonning investitsiyaviy va iqtisodiy salohiyati bilan tanishdi.

Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma maydonini ko‘zdan kechirar ekan, agrar tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlar, so‘nggi yillarda erishilgan natijalar va istiqboldagi rivojlanish loyihalariga alohida e’tibor qaratdi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov mehmonga qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda ilm-fan va innovatsiyalarni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ko‘rgazmada meva-sabzavotchilik, urug‘chilik, chorvachilik, oziq-ovqat xavfsizligi, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar namoyish etildi. Zamonaviy texnologiyalar asosidagi investitsion tashabbuslar Belarus delegatsiyasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif yakunida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va sohaga investitsiyalarni jalb etish borasida erishilayotgan natijalar yuqori baholandi.

UzDaily · 👁 36 views · 17.06.2026 · 10:20