Baxtiyor Saidov Singapurda yashil iqtisodiyotni muhokama qildi
Baxtiyor Saidov Singapurda yashil iqtisodiyotni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 22 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Singapurning barqaror rivojlanish va atrof-muhit vaziri Greys Fu bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv konstruktiv va samimiy muhitda o‘tgan bo‘lib, ekologik sohada ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun muhim asos yaratdi.
Muzokaralar davomida tomonlar asosiy eʼtiborni global miqyosdagi ekologik chaqiriqlar va ularga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma mexanizmlarni ishlab chiqish masalalariga qaratdi.
Xususan, vazirlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, yashil iqtisodiyotni jadal rivojlantirish hamda suv resurslarini samarali boshqarishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish istiqbollarini batafsil muhokama qildi.
O‘zbekiston tomoni Singapurning ekologik barqarorlikni taʼminlash va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ilg‘or tajribasini yuqori baholab, bu tajriba mamlakatda amalga oshirilayotgan milliy islohotlar uchun strategik ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.