O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

Aero Nomad Toshkent va Bishkek o‘rtasida parvozlarni boshladi

Dilafro'z Niyazova · 24.08.2026 · 21:42 · 34 views
Aero Nomad Toshkent va Bishkek o‘rtasida parvozlarni boshladi
Aero Nomad Toshkent va Bishkek o‘rtasida parvozlarni boshladi / Foto: Uzbekistan Airports.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qirg‘izistonning Aero Nomad aviakompaniyasi 23 avgust kuni Bishkek — Toshkent — Bishkek yo‘nalishi bo‘yicha ilk muntazam parvozni amalga oshirdi. Airbus A320 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 22:22 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Bishkekdan Toshkentga amalga oshirilgan ilk reys bilan 163 nafar yo‘lovchi kelgan. Qirg‘iziston poytaxtiga qaytish reysi uchun 74 nafar yo‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan. Yangi aviakompaniya samolyoti aeroportda anʼanaviy suv arkasi bilan kutib olingan, yo‘lovchilarga esa milliy taomlar taqdim etilgan.

Aero Nomadning Bishkek va Toshkent o‘rtasidagi muntazam parvozlari haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Yo‘nalishda Airbus A320 samolyotlaridan foydalaniladi.

Yangi yo‘nalishning ishga tushirilishi bilan Aero Nomad Toshkent va Bishkek o‘rtasida parvozlarni amalga oshirayotgan uchinchi aviakompaniyaga aylandi. Ikki poytaxt o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlarini shuningdek Uzbekistan Airways va Centrum Air aviakompaniyalari taʼminlamoqda.

Kelgusida Aero Nomad O‘zbekistondagi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Xususan, aviakompaniya Bishkekdan Samarqand va Urganchga parvozlarni yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganmoqda.

Aero Nomad — 2021 yilda tashkil etilgan va Bishkek xalqaro aeroportida bazalashgan Qirg‘iziston aviakompaniyasi. Tashuvchi Airbus A320 oilasiga mansub samolyotlarda muntazam va charter reyslarni amalga oshiradi.