ABB O‘zbekistonda Davr Bank bilan qo‘shma loyihani boshladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda 23 avgust kuni O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Ilhom Aliyev ishtirokida onlayn formatda ABB Davr loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Loyiha Ozarbayjonning ABB banki tomonidan O‘zbekistondagi Davr Bank aksiyalarining nazorat paketini sotib olish va bankning mamlakat bozorida ABB Davr brendi ostida faoliyatini davom ettirishini nazarda tutadi. Bu haqda ABB xabar berdi.
Marosim Ozarbayjon tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarni ochish va ularga tamal toshi qo‘yilishiga bag‘ishlangan tadbir doirasida o‘tkazildi. Ilhom Aliyev loyihaning ishga tushirilishini Ozarbayjonning yetakchi banklaridan birining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi sifatida baholadi.
Davr Bank aksiyalarining nazorat paketini sotib olish bo‘yicha kelishuv ABB boshqaruv raisi Abbos Ibrohimov va Davr Bank aksiyadori hamda Kuzatuv kengashi raisi Lutfulla Ubayev tomonidan 22 avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan IV O‘zbekiston–Ozarbayjon mintaqalararo forumi doirasida imzolandi.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, tartibga soluvchi organlarning barcha zarur ruxsatlari olingan, tegishli kelishuvlar imzolangan. Bitimni yakunlash tranzaksiya bo‘yicha yakuniy hisob-kitoblarga bog‘liq.
O‘zbekiston bozoriga kirib kelish ABBning 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan bankni rivojlantirish strategik rejasida belgilangan geografik ekspansiya maqsadiga mos keladi. Bank ABB Davr brendi ostida mamlakatning barcha hududlarida korporativ va chakana mijozlarga keng turdagi moliyaviy xizmatlarni taqdim etishni rejalashtirmoqda.
ABB moliyaviy guruhi O‘zbekistonda korporativ boshqaruv va raqamli transformatsiya sohasidagi o‘z tajribalarini, shuningdek, sunʼiy intellekt asosidagi yechimlarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Kichik va o‘rta biznes uchun kompleks moliyaviy xizmatlarga alohida eʼtibor qaratiladi.
ABB kompaniyasida O‘zbekiston bozoridagi faoliyat guruhni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, deb hisoblanmoqda. Kompaniya, shuningdek, kichik va o‘rta biznes imkoniyatlarini kengaytirish hamda bank xizmatlari sohasida zamonaviy mijoz tajribasini shakllantirishga hissa qo‘shishni rejalashtirmoqda.
ABB boshqaruv raisi Abbos Ibrohimov loyihani guruhning O‘zbekistondagi uzoq muddatli faoliyati boshlanishi deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bank biznes, fuqarolar va mamlakat iqtisodiyoti uchun moliyaviy hamkor bo‘lish, yangi imkoniyatlar yaratish hamda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
Lutfulla Ubayev mazkur bitim Davr Bank bank xizmatlari sifatini oshirish imkonini berishini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, yangi hamkorning tajribasi, innovatsion texnologiyalari va kapitali bankka qisqa muddat ichida mijozlarga zamonaviy moliyaviy mahsulotlarni taklif etish imkonini berishi kerak.
ABB, shuningdek, O‘zbekiston bozoridagi ishtirok moliyaviy guruhning mintaqaviy va xalqaro mavqelarini mustahkamlashga xizmat qiladi, deb hisoblamoqda.