2024 yilda Inson huquqlari bo‘yicha vakilning hisoboti muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) 2024-yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish, sohaga oid milliy qonunchilikni hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish kabi ustuvor vazifalar to‘g‘risida tayyorlangan ma’ruzasini Qonunchilik palatasiga taqdim etgani ta’kidlandi.
Ma’ruzada keltirilganidek, o‘tgan yil mamlakatimizda inson huquqlari to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholi va davlat organlari vakillari huquqiy ongini hamda xabardorligini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalariga muntazam kirib turish orqali mahkumlarni qiynoqqa solishning oldini olish borasida Ombudsmanning o‘rni va roli sezilarli darajada oshdi.
Ombudsman tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, insonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Hisobot yilida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 23 ming 422 ta murojaatlar kelib tushgan.
2024-yilda Ombudsman tomonidan murojaatlarni o‘rganish natijasida inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonunbuzilish holatlari, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan davlat organlari va idoralariga, mansabdor shaxslarga 182 ta (2022-yilda 134 ta, 2023-yilda 170 ta) taqdimnoma, talabnoma, ariza va da’vo arizalari hamda xulosa shaklidagi ta’sir choralari kiritilgan.
O‘tgan yilda Ombudsman tomonidan qo‘llanilgan ta’sir choralari 2023-yilga nisbatan 7 foizga, 2022-yilga nisbatan 35,0 foizga oshgan. Ta’sir choralarining 140 tasi ijobiy hal etilgan. Shuningdek, Ombudsman tomonidan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarga 39 ta (2023-yilga nisbatan 11 foizga ko‘p) taqdimnoma kiritilgan va ularning 30 tasi ijobiy yechim topgan. Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilishi natijasida fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarga kiritilgan 92 ta ariza va da’vo arizalarning 82 tasi hal etilgan.
Mehnatga oid huquqlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi tufayli fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlari bo‘yicha undirilgan mablag‘lar 1 mlrd. 832,9 mln. so‘mni tashkil qilgan. 20 nafar fuqaro ishga tiklangan, 7 ta holatda ish beruvchining xodimga nisbatan noqonuniy harakatlari bartaraf etilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili F. Eshmatovaning aytishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonun bilan Ombudsmanning hududlardagi ishtiroki kengaytirilishi bilan birga qiynoqqa solish hollarining oldini olishdagi faoliyati ham kuchaytirilgan.
2024-yilda Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 902 marotaba (2023-yilda 603 marotaba) monitoring tashriflari amalga oshirilgan. Natijada jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlashga erishilgan.
Ombudsman davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan o‘zaro uzviy aloqada bo‘lishi natijasida inson qadrini ulug‘lash, har bir shaxsning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi vazifalarning ijro etilishiga ham alohida e’tibor qaratgan.
Deputatlar Ombudsmanning 2024-yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etgan ma’ruzasida qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar soni va sifati o‘sib borayotganini alohida e’tirof etishdi.
Ombudsmanning faoliyatini yanada takomillashtirish, fuqarolarning yangi tahrirdagi Konstitutsiya va boshqa qonunlarda kafolatlangan huquqlari, erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, deputatlarning saylov okruglaridagi uchrashuvlari davomida fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan Ombudsmanning mintaqaviy vakillari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, Xalq qabulxonalari bilan doimiy ravishda birgalikda ish olib borish, murojaatlar eng ko‘p tushgan tumanlarda sektor rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etish, murojaatlarning sabablari bilan qiziqish lozimligi ta’kidlandi.
Majlisda siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari Ombudsman ma’ruzasi yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirib o‘tishdi. Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.