Toshkentda 15 sentyabrgacha alohida yong‘inga qarshi rejim joriy etildi
Toshkentda 15 sentyabrgacha alohida yong‘inga qarshi rejim joriy etildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida yoz mavsumida yong‘in xavfining keskin oshishi munosabati bilan joriy yilning 15 sentyabriga qadar alohida yong‘inga qarshi rejim amal qiladi.
Mazkur qaror poytaxt hokimi Shavkat Umurzakovning 22 iyundagi rasmiy qarori bilan tasdiqlangan.
Hujjatga muvofiq, shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tuman hokimliklari va tegishli idoralar bilan hamkorlikda profilaktika ishlarini kuchaytirish, amaldagi yong‘inga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini baholash hamda turar joy massivlari va sanoat obyektlarida aniqlangan xavfsizlik qoidalari buzilishlarini zudlik bilan bartaraf etish vazifasi yuklatildi.
Bu ishlar doirasida mahallalarda “xonadonbay” tamoyili asosida keng ko‘lamli uyma-uy yurishlar tashkil etilib, aholiga yong‘in xavfsizligi qoidalari tushuntiriladi. Shuningdek, maxsus xizmatlar turar joylardagi elektr va gaz tarmoqlari, ventilyatsiya tizimlari, mo‘rilar hamda suv isitish uskunalarining holatini to‘liq tekshiruvdan o‘tkazadi.
Konditsionerlar holatini tekshirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Shu bilan birga, qo‘lbola saqlagichlar yoki tok kuchi meʼyoridan yuqori bo‘lgan avtomatlardan foydalanish holatlariga chek qo‘yiladi.
Shahar kommunal xizmatlariga barcha yong‘in gidrantlari va maxsus suv havzalarini xatlovdan o‘tkazib, nosoz obyektlarni tezkor taʼmirlash topshirildi.
Yong‘inga qarshi suv taʼminoti yetarli bo‘lmagan hududlarda suv sepuvchi maxsus texnikalar va suv tashuvchi avtomashinalarning kecha-kunduz navbatchiligi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, shahar bozorlari, savdo markazlari va ko‘ngilochar majmualarida ham keng qamrovli tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Masʼul idoralar transformatorlar va taqsimlash shchitlarini ham o‘z ichiga olgan barcha elektr infratuzilmasining haqiqiy yuklamalarga mosligini tekshiradi.
Qaror bilan bozorlar va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ovqat tayyorlash uchun maishiy suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanish qatʼiy taqiqlandi. Shuningdek, tijorat obyektlarini gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulashga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Cheklovlar issiq kunlarning eng yuqori davrida avtozapravka stansiyalariga ham tatbiq etiladi. Xususan, soat 11:00 dan 17:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida benzin va propan quyish shoxobchalarida yirik yuk transportlari orqali yoqilg‘ini tashish, quyish va tushirish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
Shu bilan bir vaqtda Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va kommunal xizmatlardan iborat qo‘shma guruhlar ko‘p qavatli uylar hovlilari hamda mahalla ichki yo‘llarida o‘rnatilgan, yong‘in-qutqaruv texnikasi va tez tibbiy yordam mashinalarining erkin harakatiga to‘sqinlik qiluvchi shlagbaumlar va boshqa noqonuniy inshootlarni majburiy tarzda demontaj qiladi.
Bundan tashqari, shahar xizmatlariga ochiq jamoat joylarini maishiy chiqindilar va qurigan o‘t-o‘lanlardan tezkor tozalash vazifasi yuklatildi. Yozgi mavsumda kunduzgi oromgohlar faoliyat yuritayotgan poytaxtdagi 47 ta maktabda bolalarning yong‘in xavfsizligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratiladi.