Toshkent metropoliteni Siemens va CICT texnologiyalarini o'rgandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoy Xalq Respublikasidagi xizmat safari davomida “Toshkent metropoliteni” DUK bosh muhandisi hamda delegatsiya a’zolarining navbatdagi manzili Fuzhou shahri bo‘ldi.
Tashrif doirasida delegatsiya Siemens kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda metro va temiryo‘l transporti uchun mo‘ljallangan zamonaviy texnologiyalar, xususan, signalizatsiya va aloqa tizimlari, avtomatik eshiklarni ochish-yopish qurilmalari hamda harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yechimlar bilan yaqindan tanishildi.
Shuningdek, metro infratuzilmasida relslar va yo‘l uchastkalarida xavfsizlikni ta’minlash, xavfli holatlarning oldini olish, harakat tarkiblarining xavfsiz harakatlanishini nazorat qilish hamda avtomatlashtirilgan boshqaruv jarayonlarida qo‘llaniladigan zamonaviy tizimlar o‘rganildi.
Uchrashuv davomida metro poyezdlari mashinistlari va mutaxassislarini amaliy tayyorlashga mo‘ljallangan trenajyor-simulyatorlar masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur qurilmalarning real ish jarayonlarini maksimal darajada aks ettirishi, turli favqulodda va nostandart vaziyatlarda xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishi hamda harakat xavfsizligini oshirishdagi imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tashrifning navbatdagi qismida CICT kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda kompaniyaning zamonaviy telekommunikatsiya yechimlari, jumladan, LTE-M texnologiyasi, uning imkoniyatlari hamda metro infratuzilmasida ishonchli va uzluksiz aloqa tizimini ta’minlashdagi qo‘llanish istiqbollari haqida ma’lumotlar olindi.
Dastur yakunida delegatsiya a’zolari va kompaniya vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, Toshkent metropolitenini rivojlantirish, harakat xavfsizligini oshirish, zamonaviy signalizatsiya va aloqa tizimlarini joriy etish, mutaxassislarni tayyorlashda zamonaviy trenajyor-simulyatorlardan foydalanish hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur tashrif metro transportida xavfsizlikni ta’minlash, ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish, xodimlarning kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.