Toqayev Saida Mirziyoyevani qabul qildi
Toqayev Saida Mirziyoyevani qabul qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevani qabul qildi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning keng doiradagi masalalarini atroflicha muhokama qilib, asosiy davlat tuzilmalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishchi aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar.
Qosim-Jomart Toqayev mazkur tashrif Astana va Toshkent o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini yana-da chuqurlashtirish nuqtai nazaridan strategik ahamiyat kasb etishini qayd etdi. U davlat rahbarlari administratsiyalari davlatlararo munosabatlarni muvofiqlashtirishda hal qiluvchi o‘rin tutishini taʼkidlab, ular o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi ikki yirik davlatning yaqin hamkorligi Markaziy Osiyoda barqarorlikni taʼminlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Qozog‘iston rahbari keng ko‘lamli ichki islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda har ikki mamlakat uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlikni saqlashga ehtiyoj sezayotganini taʼkidladi.
Muzokaralar davomida texnologik taraqqiyot masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Qosim-Jomart Toqayev 2026 yil Qozog‘istonda Raqamlashtirish va sunʼiy intellekt yili deb eʼlon qilinganini eslatdi. U Buxoroga amalga oshirgan avvalgi tashrifi chog‘ida O‘zbekistonning axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohasidagi yutuqlari bilan tanishganini qayd etib, global texnologik chaqiriqlarga qarshi birgalikda harakat qilish muhimligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida Qozog‘iston Prezidenti O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy tilaklarini yo‘lladi.
Saida Mirziyoyeva o‘z navbatida samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston rahbari nomidan ezgu tilaklarni yetkazdi. U Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganini va oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini shaxsan nazorat qilayotganini taʼkidladi.
Prezident Administratsiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Toshkent va Astananing yaqin hamkorligi Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro maydonda yagona va taʼsirchan ovoz bilan chiqishiga xizmat qilmoqda. Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston Qozog‘istonni ishonchli hamkor va ittifoqchi sifatida ko‘rishini, shuningdek qo‘shni mamlakatda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuvning yakuniy qismida tomonlar har ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da kengaytirish bo‘yicha aniq qadamlar belgilab olindi.