O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Senat sud hokimiyatining mustaqilligini himoya qilishni kuchaytirdi

UzDaily · 13.06.2026 · 18:35 · 35 views
Senat sud hokimiyatining mustaqilligini himoya qilishni kuchaytirdi

Senat sud hokimiyatining mustaqilligini himoya qilishni kuchaytirdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 16-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash va fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq tahlillarga koʻra hamon sudlar faoliyatiga tashqaridan aralashish holatlari kuzatilmoqda.

Yangi Konstitutsiyaviy normalarni hayotga tatbiq etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur Qonun bilan 2 ta kodeksga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishlar bilan sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari aniqlashtirilmoqda. Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda sud binosida tartibni buzish va sudga hurmatsizlik qilish bilan bogʻliq harakatlar uchun maʼmuriy javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Mazkur Qonun avvalroq Senat tomonidan qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar mavjudligi sababli Qonunchilik palatasiga qaytarilgan edi. Kelishuv komissiyasi doirasida ushbu eʼtirozlar koʻrib chiqilib, Qonun takomiliga yetkazildi. Qonunda faqat eng dolzarb masala – sud mustaqilligini taʼminlovchi moddalar qoldirildi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi sudyalarning daxlsizligini taʼminlash, ularning faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuvlarning oldini olish va odil sudlov sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

UzDaily · 👁 35 views · 13.06.2026 · 18:35