Senat Lissabon shartnomasining Jeneva qonuniga qo'shilishini ma'qulladi
Senat Lissabon shartnomasining Jeneva qonuniga qo'shilishini ma'qulladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning oʻn yettinchi yalpi majlisida “Kelib chiqish joy nomlari va geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi Lissabon bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 2015-yil 20-may) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Muhokama jarayonida taʼkidlanganidek, mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk obyektlarini, xususan geografik koʻrsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlarini xalqaro miqyosda huquqiy muhofaza qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu esa milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish va ularni jahon bozoriga samarali olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonun investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, hududiy brendlarni rivojlantirish, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish hamda xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlashga koʻmaklashadi.
Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi milliy intellektual mulk obyektlarini xalqaro darajada himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishga , mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini qoʻllab-quvvatlashga hamda Oʻzbekistonning jahon iqtisodiy makonidagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Senatorlar Qonunni maʼqulladi.