Senat korruptsiya uchun qattiqroq jazolarni ma'qulladi
Senat korruptsiya uchun qattiqroq jazolarni ma'qulladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qonunning asosiy maqsadi jinoyat qonunchiligida mavjud boʻshliqlarni toʻldirish, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo choralarining qatʼiyligini taʼminlash hamda xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishdan iborat.
Ushbu Qonun bilan Jinoyat kodeksiga konseptual va prinsipial oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, Kodeksning sakkizinchi boʻlimiga “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama va ularning aniq roʻyxati kiritilib, terminologik chalkashliklarga barham berildi. Bundan tashqari, pora olish, pora berish va bu jarayonda vositachilik qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish institutini qoʻllash taqiqlanmoqda.
Shuningdek, sud amaliyotidagi ziddiyatlarni bartaraf etish maqsadida xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik belgisi Jinoyat kodeksining 168-moddasi toʻrtinchi qismiga (oʻta ogʻir jinoyatlar toifasiga) oʻtkazildi va ushbu qilmish uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, xususiy va nodavlat sektorida korrupsiyaning oldini olish maqsadida nodavlat tashkiloti xizmatchisini pora evaziga ogʻdirib olish jinoyati uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida qilmishning “gʻarazgoʻylik niyatlarida” sodir etilishi jazoni ogʻirlashtiruvchi yangi kvalifikatsiya belgisi sifatida belgilanmoqda.
Davlat boshqaruvi tizimida funksiyalar takrorlanishining oldini olish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish kiritildi va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens-nazorat) tizimi joriy qilinishi ustidan nazorat qilish vazifasi bekor qilindi. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda esa davlat xaridlari va byudjet tizimidagi qonunbuzilishlar uchun sanksiyalar kuchaytirildi.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni mustahkamlashga hamda jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Senatorlar Qonunni maʼqulladi.