Senat hukumatga ipakchilikni rivojlantirish bo'yicha parlament so'rovini yuboradi
Senat hukumatga ipakchilikni rivojlantirish bo'yicha parlament so'rovini yuboradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 16-yalpi majlisida ipakchilikni rivojlantirish, pillani yetishtirish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, ozuqa bazasini yaxshilash hamda ushbu sohaning eksport salohiyatini mustahkamlash yuzasidan Hukumatga parlament soʻrovini yuborish masalasi koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda bu borada qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, pilla yetishtirish va qayta ishlash hajmini oshirish orqali 470 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilgan. Fermer xoʻjaliklari dala chetlari, ariq-zovur boʻylari va oʻrmon xoʻjaligi yerlarida 29,2 mln tup yakka qator tut koʻchatlari ekilgan. Joriy yilda 30,1 ming tonna pilla yetishtirish hamda eksport hajmini 120 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, yalpi majlisda 54 ming gektar tutzorlarning 15 ming gektaridan ortigʻi eskirgani, pilla parvarishlashda ilmiy asoslangan innovatsion texnologiyalar yetarli darajada joriy qilinmagani, mahsulot yetishtiruvchilarda zamonaviy bilim va koʻnikmalar yetishmasligi, qurt boqish xonalari sanitariya talablariga javob bermasligi, oziqlantirish va saqlash ishlari toʻgʻri tashkil etilmagani natijasida hosildorlik pastligicha qolayotgani kabi kamchiliklar tanqid qilindi.
Bundan tashqari, sohada ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini joriy qilish samarali tashkil qilinmagani, mahalliy urugʻlar ulushi pastligi natijasida urugʻlarni import qilish ehtiyoji saqlanib qolmoqda. Qoʻshilgan qiymat zanjiri ham toʻliq shakllanmagan. Buning natijasida mamlakatimizda yetishtirilayotgan pillaning atigi 30 foizi chuqur qayta ishlanmoqda.
Muhokama yakunida ipakchilikni rivojlantirishning ushbu dolzarb masalalari yuzasidan Senatning Hukumatga parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi.