Safarbarlik tayyorgarligi to'g'risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o'qishdan o'tdi
Safarbarlik tayyorgarligi to'g'risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o'qishdan o'tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlikning asosiy maqsadlari, prinsiplari va ustuvor yo‘nalishlari belgilanmoqda. Shuningdek, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari va majburiyatlari aniq nazarda tutilmoqda. Loyihada “safarbarlik tayyorgarligi” va “safarbarlik” tushunchalari ilk bor aniq va kompleks huquqiy mazmunda ifodalanmoqda.
Shu bilan birga, loyihada umumiy yoki qisman safarbarlikni e’lon qilishning aniq huquqiy mexanizmlari, davlat organlari va tashkilotlarning vazifalari, iqtisodiyot tarmoqlarini urush davri sharoitida ishlashga o‘tkazish tartibi ham belgilab berilmoqda. Xususan, davlat va aholining ehtiyojlarini uzluksiz ta’minlash maqsadida oziq-ovqat, yoqilg‘i, tibbiy xizmat, transport, aloqa kabi muhim tizimlarning barqaror faoliyatini ta’minlash choralari nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, safarbarlik davrida chaqirilgan fuqarolar uchun ish joyini saqlab qolish, kredit to‘lovlarini kechiktirish, yetkazilgan zararlarni kompensatsiya qilish kabi ijtimoiy kafolatlar ham mustahkamlanmoqda.
Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasi mamlakat mudofaa salohiyatini yanada oshirish, Qurolli Kuchlarning jangovar va safarbarlik shayligini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va tinchligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.