O'zbekiston diplomatlari Rossiya Mehnat va bandlik federal xizmati rahbariyati bilan muzokara o'tkazishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchixonasi xodimlari Rossiya Mehnat va bandlik federal xizmati ("Rostrud") rahbarining o'rinbosari Irina Zubkova bilan uchrashdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda, shuningdek, "Rostrud"ning Mehnat bozori va xalqaro loyihalar boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Olga Korchemkina, Xalqaro loyihalar va mehnat migratsiyasi departamenti bosh mutaxassisi Daniil Smirnov va maslahatchisi Anastasiya Samoylenko ishtirok etdi.
Muloqot chog'ida O'zbekistondan mehnat migrantlarini tashkiliy ravishda jalb etishning bugungi holati va istiqbollari, jumladan, mehnat migratsiyasini tartibga solishning mavjud mexanizmlarini optimallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
"Rossiyada ishlash" platformasi doirasidagi o'zaro hamkorlik masalalariga, xususan, axborot tizimlarini integratsiyalash, O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi vakolatxonasining shaxsiy kabinetini yaratish, xorijiy fuqarolarni ishga joylashtirishning asosiy talablari va tartiblarini tushuntirish bo'yicha qo'shma axborot materiallarni ishlab chiqish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Mamlakatimiz diplomatlari O'zbekiston fuqarolarini Rossiyada ishga joylashtirish bo'yicha huquqiy kanallarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirib, ikki davlatning tegishli idoralari o'rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini ma'lum qildilar.
Shuningdek, ishga qabul qilishning tashkiliy tartib-taomillarini soddalashtirish, ishonchli ish beruvchilarni tanlashga ko'maklashish, ularning halolligini birgalikda nazorat qilish bo'yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
"Rostrud"ning "Rossiyada ishlash" platformasi taqdimoti chog'ida Rossiya tomoni mehnat munosabatlarini raqamlashtirish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O'zbekiston-Rossiya maqsadli auditoriyasi uchun axborot mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqish, chet el fuqarolarini ishga joylashtirishga oid talab va tartiblarni tushuntirish ishlarini olib borish yuzasidan hamkorlik qilish taklifini qo'llab-quvvatladilar.