O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Birjalar

PhillipCapital Toshkent birjasining ikki tomonlama listingini qo‘llab-quvvatlaydi

UzDaily · 17.06.2026 · 09:00 · 26 views
PhillipCapital Toshkent birjasining ikki tomonlama listingini qo‘llab-quvvatlaydi

PhillipCapital Toshkent birjasining ikki tomonlama listingini qo‘llab-quvvatlaydi  

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —  "Toshkent" Respublika fond birjasida Singapurning yetakchi brokerlik kompaniyalaridan biri — PhillipCapital vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘z faoliyati, kapital bozorlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslar hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Muzokaralar chog‘ida PhillipCapital vakillari Singapur fond birjasi va "Toshkent" Respublika fond birjasi o‘rtasida dual listing mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar. Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikning mintaqaviy kapital bozorlari integratsiyasi, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va xalqaro investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishdagi ahamiyati muhokama qilindi.

PhillipCapital 1975-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Osiyo mintaqasidagi yetakchi moliyaviy kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya qimmatli qog‘ozlar, fyucherslar, obligatsiyalar, ETF va boshqa investitsiya mahsulotlari bo‘yicha keng ko‘lamli xizmatlarni taqdim etadi. Bosh qarorgohi Singapurda joylashgan kompaniya dunyoning 15 ta mamlakatdagi moliyaviy markazlarida faoliyat yuritadi va 1 milliondan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya boshqaruvidagi aktivlar hajmi 65 milliard AQSH dollaridan ortiqni tashkil etadi.

Uchrashuv xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy investorlarni jalb qilish hamda O‘zbekiston kapital bozorining xalqaro moliya tizimiga integratsiyalashuvini chuqurlashtirishga xizmat qiladigan muhim muloqotlardan biri bo‘ldi.

UzDaily · 👁 26 views · 17.06.2026 · 09:00