Oʻzbekiston va Xitoy mintaqaviy hamkorlik forumini oʻtkazadi
Oʻzbekiston va Xitoy mintaqaviy hamkorlik forumini oʻtkazadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 21-may kuni Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida Uchinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlararo forumi bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida O‘zbekistonning Milliy pavilyoni tashkil etiladigan ko‘rgazma ham o‘tkaziladi.
Mazkur pavilyon mamlakatimizning eksport mahsulotlari, investitsiyaviy takliflari, ishlab chiqarish salohiyati hamda hududlarning imkoniyatlarini namoyish etuvchi yagona platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirlar Sian xalqaro konferensiya markazida bo‘lib o‘tadi hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va hududlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoniga aylanadi.
Forum ikki mamlakat davlat idoralari, hududiy ma’muriyatlar, tarmoq uyushmalari, investorlar va ishbilarmon doiralar vakillarini istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish, kooperatsiyani kengaytirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida birlashtiradi.
Forum va ko‘rgazma dasturi doirasida O‘zbekistonning investitsiyaviy, sanoat, eksport va turizm salohiyati, shuningdek, ta’lim, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi, logistika va transport, raqamli texnologiyalar hamda turizm sohalaridagi istiqbolli loyihalar taqdim etiladi.