Oʻzbekiston va Suriya Halabdagi savdo uyi orqali eksportni kengaytirishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Suriya Halabdagi savdo uyi orqali eksportni kengaytirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Palataning Suriyadagi hamkori — Halab shahrida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston–Suriya Savdo uyi va distributsiya markazi muassisi, «Kalash Trading Company Ltd» kompaniyasi rahbari Ahmad Kalash bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 may kuni Suriyaning Halab shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda «Ahmad Kalash Ltd» kompaniyasi hamkorligida O‘zbekiston–Suriya Savdo uyi va distributsiya markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi.
O‘zbekistondan Halabga transport yo‘nalishida 1 ta konteynerni yetkazish taxminan 8-10 kun davom etadi va narxi o‘rtacha 2-3 ming AQSH dollarini tashkil etmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston–Suriya Savdo uyi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini Suriya bozoriga keng olib chiqish, ularni Halab shahridagi distributsiya markazi orqali joylashtirish va sotuvini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Suriya bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari va eksport salohiyatini o‘rganish, istiqbolli mahsulotlarni saralash hamda eksport shartnomalarini imzolash maqsadida mamlakatimizdagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tashriflar tashkil etishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tadbirkorlarni O‘zbekiston–Suriya Savdo uyi imkoniyatlaridan faol foydalanishga jalb etish, Savdo uyida mahalliy mahsulotlar ekspozitsiyasini kengaytirish va Suriya bozoriga eksport hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shma ishlar olib borilishi belgilandi.