Oʻzbekiston va Seyshel orollari hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzoladilar
Oʻzbekiston va Seyshel orollari hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzoladilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 1-may kuni Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Seyshel orollari Respublikasi tashqi ishlar va diaspora vaziri Barri For oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirish istiqbollarini, jumladan, siyosiy muloqotni mustahkamlash va ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida doimiy hamkorlik mexanizmlarini yaratish masalalarini muhokama qilishdi.
Savdo, iqtisodiyot va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga, shuningdek, dolzarb xalqaro masalalar boʻyicha fikr almashishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Seyshel orollari hukumatlari oʻrtasida Umumiy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.
Hujjatda hamkorlikni rivojlantirish va yangi sheriklik formatlarini oʻrnatish boʻyicha kelishuvlar rasmiylashtiriladi.
Tomonlar erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga va hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga hissa qoʻshishiga ishonch bildirdilar.