O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston va Koreya sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

UzDaily tahririyati · 01.07.2026 · 16:40 · 26 views
Oʻzbekiston va Koreya sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Oʻzbekiston va Koreya sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov Janubiy Koreyaning Xavfsizlik siyosati tadqiqot instituti hamda “Autech Corporation” va “Meskorea” kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Qayd etilganidek, ushbu mamlakat ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, shu jumladan, aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida ishonchli va strategik hamkor sifatida faol qatnashib kelyapti. Ayniqsa, EDCF va KOFIH dasturi doirasidagi loyihalar yurtimiz tibbiyot tizimini zamonaviy darajaga olib chiqish va xizmatlar sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
 
Endilikda “Autech Corporation” hamda “Meskorea” kompaniyasi bilan ushbu aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish mumkin.
 
“Autech Corporation” Osiyo va Yaqin Sharq davlatlariga zamonaviy tez yordam mashinalari, infeksion bemorlar uchun manfiy havo bosimiga ega maxsus avtomobillar, nogironligi bo‘lgan insonlar va keksa fuqarolar uchun pandusli transport vositalarini yetkazib berish bilan tanilgan.
 
“Meskorea” kompaniyasi esa tibbiy o‘quv manekenlari va simulyatorlar, tez yordam va qutqaruv jihozlari, tabiiy ofatlar va ommaviy jabrlanish holatlari uchun uskunalar, harbiy va favqulodda vaziyatlarda ishlatiladigan tibbiy vositalar hamda nosilkalar va qutqaruv sumkalari ishlab chiqarish bilan shug‘ulladi.
 
Muloqot davomida mazkur kompaniyalar vakillari O‘zbekistonda tez tibbiy yordam tizimini modernizatsiyalash, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish va xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash, xorijiy tajriba va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlik o‘rnatish taklifini bildirdi.
 
Shuningdek, O‘zbekiston tez tibbiy yordam tizimida faoliyat yuritayotgan shifokorlar, feldsherlar, hamshiralar, dispetcherlar va texnik xodimlarni o‘qitish hamda qayta tayyorlash bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
 
Yakunda tomonlar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan kelishuvlarga erishdi.