Oʻzbekiston va Hindistonning AIG kasalxonalari hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Hindistonning AIG kasalxonalari hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xaydarobod shahriga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Hindistonning yetakchi ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalaridan biri bo‘lgan “AIG Hospitals” rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tashrif davomida o‘zbek delegatsiyasi uchun shifoxona faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ekskursiya tashkil etildi. Unda “AIG Hospitals” vakillari zamonaviy tibbiy texnologiyalar, klinikani boshqarish tizimi, davolash jarayonlarini tashkil etish hamda tibbiy xizmatlar sifatini yuqori darajada taʼminlash bo‘yicha o‘z tajribalarini taqdim etdilar.
O‘zbekiston tomoni esa mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek tibbiyot sohasidagi loyihalarni ro‘yobga chiqarishda investorlarga taqdim etilayotgan davlat qo‘llab-quvvatlov choralari va imtiyozlar haqida maʼlumot berdi.
Konstruktiv muloqot davomida tomonlar sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va investitsiyalarni jalb etish istiqbollarini muhokama qilib, sheriklik munosabatlarini yana-da kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.