Oʻzbekiston va Germaniya iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Germaniya iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 17-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Elchisi o‘rinbosari Marion Edel bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik sohalarda O‘zbekiston–Germaniya hamkorligining bugungi holati hamda uni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, 2025-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 13,2 foizga oshib, 1,4 milliard AQSH dollariga yetgani, o‘zlashtirilgan Germaniya investitsiyalari hajmi esa 6,4 milliard AQSH dollarini tashkil etgani qayd etildi.
Muzokaralar davomida rivojlanish maqsadlaridagi hamkorlik bo‘yicha navbatdagi O‘zbekiston–Germaniya hukumatlararo muzokaralariga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.