Qo'qon YUNESKOning MIL Cities tashabbusiga qo'shilish niyatida
Qo'qon YUNESKOning MIL Cities tashabbusiga qo'shilish niyatida
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida Qo‘qon shahrining YUNESKOning “Media va axborot savodxonligi shaharlari” (MIL Cities) tashabbusiga qo‘shilish istiqbollariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda YUNESKOning Kommunikatsiya va axborot sektori vakillari, Qo‘qon shahar hokimligi, O‘zbekiston Milliy komissiyasi, YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi hamda O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi mutasaddilari ishtirok etdi.
YUNESKOning “MIL Cities” tashabbusi shaharlar darajasida media va axborot savodxonligini rivojlantirish, aholining axborotni tanqidiy baholash ko‘nikmalarini oshirish, raqamli texnologiyalardan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanishni ta’minlash, yolg‘on axborot va dezinformatsiyaga qarshi barqarorlikni shakllantirishga qaratilgan.
Uchrashuv davomida Qo‘qon shahrining mazkur xalqaro tashabbusda ishtirok etishga bo‘lgan qiziqishi e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, boy tarixiy-madaniy merosi, ta’lim an’analari va faol jamoat hayotiga ega bo‘lgan Qo‘qon uchun “MIL Cities” tashabbusi raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, yoshlarning axborot madaniyatini oshirish va mahalliy hamjamiyatlarning ijtimoiy faolligini kuchaytirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Shaharning ushbu tashabbus doirasidagi ishtiroki ta’lim muassasalari, kutubxonalar, muzeylar, ommaviy axborot vositalari, yoshlar tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini yagona maqsad atrofida birlashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Ishtirokchilar Qo‘qon shahrida media va axborot savodxonligini rivojlantirish bo‘yicha maxsus Harakat rejasini ishlab chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Mazkur reja doirasida shahar hokimligi, ta’lim va madaniyat muassasalari, kutubxonalar, muzeylar, ommaviy axborot vositalari va boshqa manfaatdor tomonlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Qo‘qon shahrining har yili 24–31-oktyabr kunlari o‘tkaziladigan Global media va axborot savodxonligi haftaligi hamda 31-oktyabr — Butunjahon shaharlar kuni doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va YUNESKO tomoni mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettirish, Harakat rejasini tayyorlash, hamkorlar doirasini belgilash va amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.