O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Belarus mintaqalari forumi yangi kelishuvlar bilan yakunlandi

UzDaily tahririyati · 10.07.2026 · 12:25 · 37 views
Oʻzbekiston va Belarus mintaqalari forumi yangi kelishuvlar bilan yakunlandi

Oʻzbekiston va Belarus mintaqalari forumi yangi kelishuvlar bilan yakunlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida “Hududlarning o‘zaro kooperatsiyasi – iqtisodiy hamkorlik drayveri sifatida” mavzusi O‘zbekiston va Belarus hududlarining III forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Minsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Yuriy Shuleyko ishtirokida o‘tkazildi. Forum ikki mamlakatning sohaga doir vazirlik, idora va ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtirib, hududlar rahbarlarining uchrashuvi uchun muhim maydonga aylandi. Forumda O‘zbekistonning hududiy delegatsiyasi tarkibida Toshkent, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlari, shuningdek, mamlakatimizning boshqa 11 ta hududi rahbarlari o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Forumning maqsadi – hududlararo hamkorlik rivojini kuchaytirish, o‘zaro savdo-sotiqni, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan iborat.

Yalpi majlis davomida O‘zbekiston-Belarus savdo-iqtisodiy hamkorligi barqaror ijobiy o‘sish sur’atini namoyon etayotgani qayd etildi. Bir necha yil avval o‘zaro savdo hajmi 100 mln dollarga ham yetmas edi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra esa ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 1 mlrd dollar darajasiga yaqinlashib, 965 mln dollarni tashkil qildi. Bugungi kunda ikki davlatning iqtisodiy sherikligi tobora kengayib borayotgan qo‘shma korxonalar tarmog‘iga tayanadi. O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi 250 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Belarusda esa O‘zbekiston kapitali ishtirokida 110 ta korxona tashkil etilgan.

Forumda hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy va institutsional asoslarini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida 125 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan bo‘lib, 2001-yildan buyon Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Xodjayev va Y.Shuleyko hamraislik qiladigan Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Hududlarning forumi III doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Yuriy Shuleyko O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni 2026–2030-yillarda rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar rejasini imzoladi.

Hujjat asosiy yo‘nalishlardagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlarini, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, unda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va olti ustuvor soha: elektrotexnika, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va mebel sanoati bo‘yicha loyiha tashabbuslarini ilgari surishga alohida urg‘u berilgan.

Ushbu Reja ikki mamlakat vazirliklari, hududlari va ishbilarmon doiralari uchun amaliy qo‘llanma bo‘lishi, shuningdek, o‘rta muddatli istiqbolda qo‘shma loyihalarning tizimli qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlashi lozim. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga katta urg‘u berilmoqda. Bugungi kunda kabel mahsulotlari, traktorlar, dori-darmonlar ishlab chiqarish, parranda go‘shtini qayta ishlash, karyer texnikasini yig‘ish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunday loyihalar barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini, yangi ish o‘rinlarini va uzoq muddatli o‘zaro manfaatdorlikni shakllantiradi.

Forumdagi hamkorlikdagi ishlar yakunida sarmoyaviy va savdo bitimlari portfeli shakllantirildi hamda ikki mamlakatning muayyan hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni qamrab oluvchi 14 ta hududlararo hujjat imzolandi.

Shuningdek, Bosh vazirlar o‘rinbosarlari darajasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hududlarning o‘zaro tashriflari jadvali tasdiqlandi.

Shuningdek, III Hududlar forumi doirasida umumiy qiymati 164 mln dollarlik 7 ta loyihaga start berildi. Ushbu loyihalar O‘zbekiston va Belarus hududlarida amalga oshiriladi. O‘zbekiston hududida amalga oshiriladigan yangi loyihalar qatorida Andijon viloyatida trikotaj matosini bo‘yash va quritish bo‘yicha ishlab chiqarish majmuasini ishga tushirish, Toshkent viloyatida parrandachilik klasterini yaratishning birinchi bosqichi, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va shok usulida muzlatishni tashkil etish, shuningdek, Farg‘ona viloyatida mevalarni qayta ishlash loyihasi bor.

Kunning ikkinchi yarmida sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat, yog‘ochni qayta ishlash va mebel ishlab chiqarish hamda ijtimoiy-gumanitar sohalarga bag‘ishlangan mavzularga oid sessiyalar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Belarus III Hududlar forumining o‘tkazilishi hududlararo hamkorlikning yuksak amaliy salohiyatini tasdiqladi, ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.