Oʻzbekiston Turkiy Jamgʻarma bilan soliq islohotlarini muhokama qildi

Oʻzbekiston Turkiy Jamgʻarma bilan soliq islohotlarini muhokama qildi

Oʻzbekiston Turkiy Jamgʻarma bilan soliq islohotlarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Soliq qoʻmitasida rais oʻrinbosari Jaxongir Abdiyev hamda Turkiy investitsiya jamgʻarmasi prezidenti Bagdad Amreyev boshchiligidagi delegatsiya oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda soliq maʼmuriyatchiligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumotlar berib o‘tildi. B. Amreyev esa oʻz navbatida ishtirokchilarni Jamgʻarmaning maqsad va vazifalari, ustuvor faoliyat yoʻnalishlari hamda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bilan tanishtirdi.

Uchrashuvda ikki tomon mutaxassislari Jamgʻarmaning asosiy hujjatlarini amalda tatbiq etish masalalarini, xususan soliq maʼmuriyatchiligiga oid jihatlarni batafsil muhokama qildilar. Jumladan, xaridlarni amalga oshirishda soliq imtiyozlarini qoʻllash, QQS, aksiz va boshqa soliqlardan ozod etish tartiblari koʻrib chiqildi.

Muhokamalar yakunida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha tezkor hamkorlikni taʼminlash uchun masʼullar belgilandi.

Tomonlar kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirib, doimiy ishchi muloqotni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar.

Turkiy investitsiya jamgʻarmasi – Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan ilk qoʻshma moliyaviy institut hisoblanadi.

U iqtisodiy hamkorlik, savdo va investitsiyalarni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan. Jamgʻarma 2024-yilda oʻz faoliyatini boshlagan boʻlib, Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston uning ishtirokchi davlatlari hisoblanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling