Oʻzbekiston Senati sudga murojaat qilishni soddalashtirdi

Oʻzbekiston Senati sudga murojaat qilishni soddalashtirdi

Oʻzbekiston Senati sudga murojaat qilishni soddalashtirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga iqtisodiy va maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar va tadbirkorlar uchun yana-da qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlab o‘tilganidek, mazkur Qonun bilan Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga muhim o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Eksterritorial sudlov tartibining joriy etilishi asosiy yangiliklardan biri hisoblanadi. Endilikda fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlari istagan tegishli sudga murojaat qilishi uchun imkoniyat yaratiladi. Maʼmuriy sudlarda “dastlabki eshituv” instituti kiritilmoqda, bu esa ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshiradi.

Qonunda davlat organlarining masʼuliyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, davlat organi mansabdor shaxsining sud majlisida ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, “ishonchning huquqiy himoyasi” prinsipi mustahkamlanmoqda, yaʼni davlat organining xatosi uchun javobgar tadbirkor emas, balki o‘sha organ bo‘lishini anglatadi.

Iqtisodiy sudlar tizimi ham maqbullashtirilib, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari o‘rniga tumanlararo iqtisodiy sudlar tashkil etilmoqda.

Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi investitsiya muhitini yaxshilashga, korrupsiyaviy omillarni kamaytirishga va inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling