Oʻzbekiston radioaktiv chiqindilarni boshqarish boʻyicha yangi qoidalarni tayyorlamoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan navbatdagi hujjat —“Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Ushbu qonun loyihasi bilan radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lishning barcha bosqichlarida xavfsizlikni ta’minlash, aholi hayoti va sog‘lig‘ini, mol-mulkini hamda atrof-muhitni ularning zararli ta’siridan himoya qilishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda.
Yana bir muhim yangilik — mamlakat hududidagi barcha radioaktiv chiqindilar majburiy davlat hisobidan va nazoratidan o‘tkaziladi. Radioaktiv chiqindilar davlat reyestri yuritilib, ularning miqdori, joylashgan joyi va harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tizimlashtiriladi. Bu esa radioaktiv chiqindilarning yo‘qolishi, ruxsatsiz ishlatilishi yoki talon-toroj qilinishi kabi xavflarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, radioaktiv chiqindilar saqlanadigan va ko‘miladigan obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish hamda foydalanishdan chiqarishga nisbatan qat’iy xavfsizlik talablari belgilanmoqda. Hujjatda radioaktiv chiqindilarni hosil qilgan yoki ularning egasi bo‘lgan subyekt tomonidan ular bilan xavfsiz muomalada bo‘lish bilan bog‘liq xarajatlar qoplanishi mustahkamlanmoqda.
Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish sohasida davlat nazoratini takomillashtirish, xavfsizlikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish hamda aholi va atrof-muhit muhofazasini kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.