Oʻzbekiston nizosiz ishlarni hal qilish jarayonini soddalashtiradi
Oʻzbekiston nizosiz ishlarni hal qilish jarayonini soddalashtiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi nizosiz ishlarni hal qilish tartib-qoidalarini takomillashtirish va ularni koʻrib chiqish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasini moddama-modda koʻrib chiqdi.
Ushbu qonun loyihasi bilan Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslaridagi sud buyrug‘i tartibida ko‘riladigan ayrim nizosiz talablarga oid ishlarning doirasi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Qonun loyihasi, eng avvalo, nizosiz ishlarni ko‘rishni osonlashtirishga qaratilgan.
Jumladan, endi ijara to‘lovlari, ko‘p kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badallar va to‘lovlar, kommunal va aloqa xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq talablarning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ming baravaridan ko‘p bo‘lgan taqdirda sud tomonidan buyruq tartibida ko‘rib chiqiladi. Mazkur miqdordan kam bo‘lgan nizosiz talablarga doir ishlar esa notariuslar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Loyiha bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunda ijro xatlarini yozib berganlik uchun undiriladigan summaning miqdori notarius tomonidan bunday notarial harakatni amalga oshirganlik uchun sarflanadigan haqiqiy xarajatlar miqdoriga muvofiqlashtirilmoqda.
Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi sud tizimi samaradorligini oshirish, nizosiz talablarni hal etish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda notarial xizmatlar qamrovi va sifatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.