Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkilotining Oziq-ovqat xavfsizligi xartiyasiga qoʻshildi
Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkilotining Oziq-ovqat xavfsizligi xartiyasiga qoʻshildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasi Hukumati vakili sifatida Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti (Islamic Organisation for Food Security) Ustaviga rasman imzo chekdi.
Mazkur hujjat Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ga a’zo davlatlar o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish hamda qo‘shma hamkorlik platformasini shakllantirishni ko‘zda tutadi.
Tashkilot Nizomi dastlab 2013-yilda qabul qilingan bo‘lib, u a’zo davlatlarning mavjud resurslarini birlashtirish, ilg‘or tajriba va texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda sohaga investitsiyalar jalb qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Aytish kerak, vazir Ibrohim Abdurahmonovning O‘zbekiston nomidan ushbu muhim Nizomning imzolashi mamlakatning IHTga a’zo davlatlar bilan ko‘p tomonlama agrar hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, bu qadam O‘zbekistonning global oziq-ovqat tanqisligi, iqlim o‘zgarishi oqibatlari, cho‘llanish va yerlarning sho‘rlanishi kabi dolzarb muammolarga qarshi xalqaro sa’y-harakatlardagi ishtirokini yanada kengaytiradi.