Oʻzbekiston faxriylarning huquq va imtiyozlarini kengaytiradi

Oʻzbekiston faxriylarning huquq va imtiyozlarini kengaytiradi

Oʻzbekiston faxriylarning huquq va imtiyozlarini kengaytiradi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi faxriy maqomiga ega fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy qoʻllab-quvvatlash choralarini tizimlashtirish va kengaytirishga qaratilgan “Faxriylar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdi.

Qonun loyihasi bilan faxriylar maqomi, toifalari hamda mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari belgilanmoqda. Shuningdek, faxriylarning huquqiy va ijtimoiy himoyasi, imtiyoz hamda kafolatlari mustahkamlanmoqda.

Loyihaga ko‘ra, muayyan bir soha, tarmoq yoki kasbda uzoq yillar mobaynida vijdonan namunali mehnat qilish orqali davlat hamda jamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lgan jismoniy shaxslarga faxriy maqomi beriladi.

Mazkur maqomni olgan fuqarolar sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul davolanish, uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini olish, soliq va pensiyaga oid imtiyozlardan foydalanish kabi bir qator huquqlarga ega bo‘ladi.

Shuningdek, faxriylarning ambulator davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanishi, madaniyat va ko‘ngilochar muassasalar (sport, teatr, moddiy madaniy meros obyektlari) hamda muzeylarning pulli xizmatlaridan imtiyozli foydalanishi belgilanmoqda.

Belgilanayotgan normalar bilan faxriylarga beriladigan barcha imtiyoz va kafolatlar qonun bilan belgilanib, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yanada mustahkamlanadi. Faxriylarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish sohasidagi vakolatlar tartibga solinadi.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling